Barqaror rivojlanish hisoboti / 2024

Hisobotni tayyorlash jarayoni va tamoyillari

GRI 2-3

2024-yil uchun “O‘zbektelekom” AKning barqaror rivojlanish hisoboti (keyingi o‘rinlarda — Hisobot, BRH) Kompaniyaning iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy tashabbuslarining amalga oshirilishi, shuningdek, barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlar, korporativ boshqaruv va manfaatdor tomonlar oldidagi mas’uliyat sohasidagi yutuqlar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga oladi. Hisobotda Kompaniyaning 2024-yil 1-yanvardan 2024-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan davrdagi faoliyati yoritilgan, shuningdek, agar barqaror rivojlanish va operatsion faoliyatga aloqasi bor bo‘lsa, hisobot sanasidan keyin ro‘y bergan salmoqli voqealar keltirilgan. Hujjat o‘rta muddatli istiqboldagi rivojlanish ustuvorliklari va yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi va barqaror hisobdorlik xalqaro standartlariga muvofiq tayyorlangan.

Hisobotni tayyorlash jarayoni

Hisobot mazmunini belgilashda Kompaniya GRI standartlari tavsiyalariga tayandi. Hisobot ilovasida GRI va SASB jadvali keltirilgan, ularda GRI ko‘rsatkichlari va SASB (Sustainability Accounting Standards Board) tarmoq ko‘rsatkichlari oshkor etilishi haqidagi axborot taqdim etilgan.

Hisobotning sifati GRI standartlarining asosiy tamoyillari qo‘llanishi bilan ta’minlanadi:

Muvozanatlilik

Umumiy natijaviylikning asosli baholanishini ta’minlash uchun Hisobot Kompaniya faoliyatining ham ijobiy (masalan, rejalar ijrosi, belgilangan maqsadlarga erishish), ham salbiy (masalan, jarimalar, baxtsiz hodisalar to‘g‘risidagi axborot) jihatlarini aks ettiradi.

Qiyosiylik

Kompaniya Hisobotda axborotni miqdoriy ko‘rsatkichlar bo‘yicha bir necha yillik dinamikada taqdim etadi. Bu manfaatdor tomonlarga Kompaniya faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlarida vaqt o‘tishi bilan kuzatilgan o‘zgarishlarni o‘rganish va boshqa tashkilotlar bilan qiyosiy tahlil o‘tkazish imkonini beradi.

Oydinlik

Hisobotdagi axborot tashkilot va uning faoliyatini yetarlicha tushunadigan manfaatdor tomonlar uchun oydin shaklda bayon etilgan.

Ishonchlilik

Hisobotdagi barcha ma’lumotlar Kompaniyaning profil bo‘linmalari tomonidan to‘plangan, taqdim etilgan va ishonchliligi tekshirilgan.

Aniqlik

Barcha salmoqli mavzular bo‘yicha axborot Hisobotda batafsil taqdim etilgan va manfaatdor tomonlarga Kompaniya faoliyatining natijalarini baholash imkonini beradi. Barcha ma’lumotlar Kompaniya tomonidan rasman tan olinadi, ichki hujjatlar, shuningdek, ochiq foydalanishda (jumladan, Kompaniya saytida uztelecom.uz) joylangan hujjatlar bilan tasdiqlanadi.

Dolzarblik

Hisobot 2024-kalendar yil uchun axborotni taqdim etadi, 2025-yilda chop etiladi.

Barqaror rivojlanish konteksti.

Hisobot Kompaniyaning iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy jihatlar kesimidagi hissasi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etadi. Hisobotda Kompaniyaning 2024-yil yakunlari bo‘yicha 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qo‘shgan hissasining miqyosi haqida ma’lumotlar oshkor etilgan.

To‘liqlik

Hisobotda Kompaniyaning hisobot davri davomida barqaror rivojlanishning barcha jihatlari bo‘yicha harakatlarini baholash uchun yetarlicha axborot taqdim etilgan.

Shuningdek, nomoliyaviy hisobotni tayyorlash jarayoni quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oldi. Tayyorlov bosqichida joriy hisobot tahlili o‘tkazildi, ishtirokchilar belgilandi va rahbariyat kutilmalari, shu jumladan, strategik maqsadlar va o‘z talablariga ega manfaatdor tomonlar belgilandi. Rejalashtirish bosqichida hisobot muddatlari, chegaralari va shakli, standartlar, tayyorlash va nazorat rejasi, mas’ullar belgilandi. Steykxolderlar bilan o‘zaro munosabatlar doirasida amaldagi mexanizmlar tahlil qilindi va zaruriy yangi harakatlar belgilandi. Mazmunni belgilash bosqichida ahamiyatli mavzular aniqlandi, ro‘yxat va qo‘shimcha ko‘rsatkichlar, shuningdek, hisobot konsepsiyasi va tuzilmasi ishlab chiqildi. Hisobdorlik va nazorat tizimini baholash bosqichida axborotni to‘plash va monitoring qilish baholandi, jarayonlar moslashtirildi va ichki nazorat tahlil qilindi. Tayyorlash bosqichi axborotni to‘plash va tahlil qilishni, matnni ishlab chiqish va to‘ldirishni, shuningdek, rahbariyat tomonidan tasdiqlanishini o‘z ichiga oldi. Qayta aloqa bosqichida hisobotni va jarayonni takomillashtirish uchun mulohazalar olindi.

“O‘zbektelekom” AK 2023-yildan boshlab muntazam ravishda nomoliyaviy hisobotlarni chop eta boshladi. Mazkur 2024-yil uchun barqaror rivojlanish hisoboti 2025-yil sentabrda chop etildi va Kompaniyaning rasmiy saytiga ochiq foydalanish uchun joylashtirilgan.

keyingi bo'limga o'tish

Manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro munosabatlar