Barqaror rivojlanish hisoboti / 2024

Ichki nazorat va audit tizimi

GRI 2-12, 2-14, 2-15

Ichki audit

Ichki audit xizmati (keyingi o‘rinlarda — Xizmat) korporativ boshqaruvning shaffofligi, ishonchliligi va samaradorligini ta’minlashda asosiy rol o‘ynaydi. Ichki auditning asosiy maqsadi — Kompaniyaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini mustaqil baholash, xatarlarni aniqlash va kamaytirish, shuningdek, ichki nazorat tizimini takomillashtirishdir.

O‘z faoliyati doirasida Ichki audit xizmati Kuzatuv kengashiga Kompaniyaning joriy holati to‘g‘risida xolis axborot taqdim etadi, biznes-jarayonlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi va Kompaniyaning xalqaro standartlarga hamda korporativ boshqaruvning eng yaxshi amaliyotlariga muvofiqligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Xizmatning asosiy vazifalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Baholash va nazorat:

  • tasdiqlangan rejaga muvofiq ichki auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish;
  • moliyaviy-xo‘jalik amaliyotlarining Kompaniya manfaatlariga muvofiqligi ustidan nazorat;
  • moliyaviy holat, yirik bitimlar va affillangan shaxslar bilan amaliyotlar tahlili;
  • moliyaviy xatarlar darajasining maqsadga muvofiqligini tekshirish.

Korporativ boshqaruvni qo‘llab-quvvatlash:

  • buxgalteriya hisobi, soliqlar va moliyaviy tartibga solish masalalari bo‘yicha konsultatsiyalar;
  • ichki nazorat va ichki audit tizimini ishlab chiqish va takomillashtirish;
  • Kuzatuv kengashi va tashqi auditorlar bilan o‘zaro hamkorlik.

Hisobotlarni tahlil qilish va tasdiqlash:

  • buxgalteriya ma’lumotlari haqqoniyligini tekshirish;
  • xodimlar va uchinchi shaxslar harakatlari oqibatida kompaniyaga yetkazilgan ziyonni baholash;
  • jamiyatga oshkor qilinadigan moliyaviy hisobotning to‘g‘riligini tasdiqlash.

Xizmat xodimlari auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish, moliyaviy faoliyat, buxgalteriya hisobi yoki soliq nazorati sohasida kamida ikki yillik tajribaga ega bo‘lishlari, shuningdek, ichki auditor sertifikati yoki shu sohada oliy ma’lumotga ega bo‘lishlari lozim. Har yili Xizmat xodimlari Kompaniya Kuzatuv kengashi tomonidan o‘tkaziladigan attestatsiyadan o‘tadilar.

Xizmat xodimlari soni Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi va kamida ikki nafar attestatsiyalangan auditorni o‘z ichiga olishi lozim. Tegishli malakaga ega Xizmat rahbari har yili bo‘linma budjetini shakllantiradi va tasdiqlashga taqdim etadi.

Xizmat xodimlari har yili attestatsiyadan o‘tadilar, ularning kasbiy darajasi esa, muntazam ravishda malaka oshirish hisobiga qo‘llab-quvvatlanadi. Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmasligi uchun ular o‘z faoliyatlarini Kompaniyadagi rahbarlik lavozimlari, Kuzatuv kengashda a’zolik bilan birga olib borishlari, shuningdek, raqobatchi tashkilotlar boshqaruvida qatnashishlari mumkin emas.

Kuzatuv kengashi huzuridagi Ichki audit xizmatidan tashqari, Kompaniyada Sifat menejementi va standartlashtirish xizmati ish yuritadi.

Xizmatning asosiy vazifalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Kompaniyaning strategik maqsadlarini va xatarlar baholanishini inobatga olgan holda har yilgi audit dasturlarini ishlab chiqish va boshqarish;
  • nomuvofiqliklarni aniqlash va biznes-jarayonlar samaradorligini oshirish imkoniyatlarini belgilash uchun mustaqil auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish;
  • SMT asosiy jarayonlarini belgilangan talablarga muvofiqligi jihatidan baholash, xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berish;
  • normativ talablar va ichki taomillarga rioya etilishi ustidan nazorat, hujjatlar va ichki reglamentlar dolzarbligini ta’minlash;
  • audit natijasi to‘g‘risida hisobotlarni tayyorlash, jumladan aniqlangan nomuvofiqliklar tahlili, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar va to‘g‘rilovchi harakatlar monitoringi;
  • tavsiyalar joriy etilishini ta’minlash va jarayonlarni yaxshilash uchun Kompaniya rahbariyati va tarkibiy bo‘linmalar bilan o‘zaro hamkorlik;
  • xalqaro audit standartlariga muvofiq auditorlik tekshiruvlarining mustaqilligi, xolisligi va maxfiyligini ta’minlash;
  • auditorlik faoliyati samaradorligini va xulosalarining haqqoniyligini oshirish uchun xatarlar tahlili va amaliy ma’lumotlarga asoslangan yondashuvlarni qo‘llash.

Sifat menejmenti va standartlashtirish xizmati auditlari har yili, jarayonlarning murakkabligini, avvalda aniqlangan nomuvofiqliklar va Kompaniyaning strategik maqsadlari hisobga olingan holda tasdiqlangan dasturga muvofiq o‘tkaziladi. Bu salohiytali xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, biznes-jarayonlarning samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Tashqi audit

“O‘zbektelekom” AK moliyaviy hisobotning shaffofligi, haqqoniyligini ta’minlash va qonunchilik talablariga rioya etish maqsadlarida muntazam ravishda tashqi audit o‘tkazadi.

2024-yil uchun auditorlik tekshiruvi 2024-yil uchun Barqaror rivojlanish hisoboti tayyorlanishi paytida FE Audit Company “Ernst & Young” LLC bilan hamkorlikda o‘tkazilgan. Tashqi audit har yili amalga oshiriladi va moliyaviy hisobotni, operatsion jarayonlarni va hisobot davridagi korporativ boshqaruvning asosiy jihatlarini qamrab oladi.

Mustaqil auditorlik kompaniyasini tanlash tanlov asosida, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi, bu baholashning xolisligi va adolatliligini kafolatlaydi. Auditorlik tekshiruvlarining natijalari Kompaniyaning boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish va aksiyadorlar, investorlar va boshqa manfaatdor tomonlar ishonchini oshirish uchun qo‘llaniladi.

keyingi bo'limga o'tish

Biznes-etika va korrupsiyaga qarshi kurashish