Barqaror rivojlanish hisoboti / 2024

Korporativ boshqaruv tuzilmasi va organlari

GRI 2-9

2024-yilda Kompaniya samarali korporativ boshqaruv tamoyillariga rioya qilishda davom etdi va uni barqaror rivojlanishning uzviy qismi sifatida qabul qildi. Boshqaruv tizimi shaffoflik, hisobdorlik va barcha manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro konstruktiv hamkorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Boshqaruv organlari faoliyati qonunchilik va ichki normativ hujjatlar talablariga qat’iy muvofiqlikda amalga oshiriladi.

Korporativ boshqaruvning asosiy organlari quyidagilardir:

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi

Kuzatuv kengashi

Kollegial ijro organi (boshqaruv)

Bu organlar Kompaniyaning strategik boshqaruvini, uning faoliyati ustidan nazoratni hamda barqaror o‘sishga erishish va aksiyadorlar va boshqa manfaatdor tomonlar manfaatlariga rioya etilishiga qaratilgan qarorlar qabul qilinishini ta’minlaydilar.

Xatarlar identifikatsiyasi, baholanishi va monitoringiga yondashuvlarni tizimlashtirish, shuningdek, xatarlarni boshqarish jarayonlarining shaffofligini va hisobdorligini oshirish maqsadida, 2024-yilning noyabrida korporativ boshqaruv tuzilmasida Xatarlar boshqaruvi qo‘mitasi (XBQ) tashkil etildi. Qo‘mitaga boshqaruv raisi rahbarlik qiladi.

Uning tarkibiga quyidagilar kiradi:

Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari;

Boshqaruv raisining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;

Boshqaruv raisining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi;

Korporativ boshqaruv va investitsiya portfeli departamenti direktori;

Yuridik departament direktori;

Risk menejmenti boshqarmasi boshlig‘i;

Komplaens departamenti direktori;

Ichki audit xizmati rahbari.

XBQ tashkil etilishi butun tashkilot miqyosida korporativ nazorat kuchayishi va xatarlarni boshqarishga yagona yondashuv shakllanishi sari muhim qadam bo‘ldi.

“O‘zbektelekom” AK korporativ boshqaruvi sxemasi

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi Kompaniyaning oliy boshqaruv organi bo‘lib, strategik rivojlanish, boshqaruv tuzilmasi va hisobdorlikka oid asosiy qarorlar qabul qilinishini ta’minlaydi.

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, jumladan, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun, Kompaniya Ustavi, shuningdek, Samaradorlikni oshirish va korporativ boshqaruv komissiyasi tasdiqlagan Korporativ boshqaruv kodeksi bilan tartibga solinadi.

Aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishi Kompaniya ustavida belgilangan muddatlarda, lekin moliyaviy yil yakunlanganidan keyin olti oydan kechiktirmay o‘tkaziladi. Unda Kompaniyaning yillik hisoboti va qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa hujjatlar tasdiqlanadi, Kuzatuv kengashi saylanadi, shuningdek, boshqaruv raisi — Kompaniyaning kollegial ijro organi rahbari bilan mehnat shartnomasini uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinadi.

Yillik yig‘ilishlardan tashqari, zaruratga ko‘ra, oliy boshqaruv organining ishtirokini talab qiluvchi masalalarni tezkor hal qilish uchun navbatdan tashqari Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlari ham o‘tkaziladi.

Kompaniya aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi Kompaniyaning strategik rivojlanishi va boshqaruvini belgilovchi asosiy qarorlar qabul qilish bo‘yicha mutlaq vakolatga ega.

Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining asosiy vakolatlariga quyidagilar kiradi:

  • Kompaniya Ustaviga o‘zgartishlar kiritish, uning yangi tahririni tasdiqlash;
  • Kompaniyani qayta tashkil qilish yoki tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish, tugatuvchini tayinlash va tugatish balansini tasdiqlash;
  • Kuzatuv kengashi va Minoritar aksiyadorlar qo‘mitasini shakllantirish, ularning a’zolarini saylash va ularning vakolatlarini muddatidan oldin bekor qilish;
  • Kompaniya ustav kapitalini oshirish yoki kamaytirish;
  • Kompaniya tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash, ijro organini shakllantirish, uning rahbarini tayinlash va uning vakolatini muddatidan oldin bekor qilish;
  • Kompaniyaning yillik hisoboti, biznes-rejasi, shuningdek, rivojlanish strategiyasini tasdiqlash;
  • Foyda va zararlarni taqsimlash;
  • Korporativ obligatsiyalar va hosila qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, shuningdek, sotib olish yoki ustunlik huquqini qo‘llashdan voz kechish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
  • Aksiyalar joylashtirish qiymatini belgilash va yirik bitimlar, jumladan affillangan shaxslar bilan bitimlarni amalga oshirish;
  • Auditorlik tashkilotini belgilash, uning xizmatlari qiymatini tasdiqlash va shartnoma tuzish;
  • Kuzatuv kengashi va ijro organi a’zolari uchun mukofot va kompensatsiyalarni belgilash;
  • Korporativ boshqaruv kodeksi tavsiyalariga rioya etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish.

Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining vakolatlari, shuningdek, qonunchilikka va Kompaniya Ustaviga muvofiq boshqa masalalarni hal etishni ham o‘z ichiga oladi. Bu vakolatlar Kompaniya shaffofligi, samarali boshqaruvi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgandir.

Aksiyador O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik normalari va Kompaniyaning ichki reglamentlariga muvofiq Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida qatnashish huquqiga ega. Yig‘ilishda qatnashish huquqi mazkur tadbirni o‘tkazish uchun maxsus shakllantiriladigan aksiyadorlar reyestrida ro‘yxatga olingan aksiyadorlarga taqdim etiladi. Reyestrga o‘zgartish kiritishga faqatgina xatolarni to‘g‘rilash yoki buzilgan huquqlarni tiklash holatlarida ruxsat beriladi, bu shaffoflikni va aksiyadorlar huquqlari himoya qilinishini ta’kidlaydi.

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida quyidagilar qatnashish huquqiga ega:

01

Aksiyadorlar va ularning vakolatli vakillari

02

Kompaniya Kuzatuv kengashining a’zolari

03

Boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari

04

Yig‘ilish vakolati doirasida qarorlar muhokamasi va qabul qilinishida qatnashadigan boshqa shaxslar.

Yig‘ilishda qatnashish uchun aksiyadorlar yoki ularning vakillari yig‘ilish o‘tkazilishi haqidagi xabarda ko‘rsatilgan joy va vaqtda ro‘yxatdan o‘tadilar. Ro‘yxatdan o‘tishda aksiyadorlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatni, vakillar — ishonchnomani taqdim etadilar. Jismoniy shaxs nomidan ovoz berish uchun ishonchnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Yuridik shaxs nomida ovoz berish uchun ishonchnoma uning rahbari imzosi bilan beriladi va ushbu yuridik shaxs muhri (muhr bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.

Aksiyadorlar-yuridik shaxslar o‘z rahbarlari yoki vakolatlari ta’sis hujjatlari bilan belgilanadigan va tegishli tartibda tasdiqlanadigan vakolatli shaxslar orqali qatnashadilar.

Shuningdek, Kompaniya keyingi yillarda Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini elektron ovoz berish tizimi, ya’ni evote.uz orqali tashkil etilayotganini kuzatmoqda, jumladan “O‘zbektelekom” AK Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazish uchun ushbu tizimdan foydalanadi.

Bu tizim ovoz berish uchun qulay va universal vosita bo‘lib, aksiyadorlarga saytdagi elektron byulleten shaklini to‘ldirish orqali yig‘ilishlarda ro‘yxatdan o‘tish va ovoz berish imkonini yaratadi.

Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini tashkil etishga bunday yondashuv qatnashish uchun teng imkoniyat yaratilishini, taomillar shaffofligini va barcha aksiyadorlar manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.

Dividend siyosati

Kompaniya aksiyadorlar farovonligini oshirishga va kapitalizatsiyaning barqaror o‘sishiga qaratilgan muvozanatlangan dividend siyosatiga rioya qiladi. Asosiy maqsadlar barqaror to‘lovlarni, qarorlar qabul qilishning shaffofligini va aksiyadorlar manfaatlari va biznes ehtiyojlari o‘rtasida muvozanatga rioya etishni ta’minlashdan iborat.

Siyosat qator asosiy tamoyillarga asoslanadi:

Shaffoflik

Kompaniya dividendlar, ularning o‘lchamlari va to‘lov muddatlari bo‘yicha qarorlar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etadi.

Adolatlilik

Barcha aksiyadorlar dividend to‘lovlari va ularning shartlari haqida axborot olishda teng huquqlarga ega.

Oqilonalik

Dividendlar faqat ijobiy moliyaviy natijalar mavjud bo‘lganda, Kompaniyaning investitsiyaviy rejalarini inobatga olgan holda to‘lanadi.

Izchillik

Qabul qilingan dividend siyosati tamoyillari izchil amalga oshiriladi va takomillashtiriladi.

Barqarorlik

Kompaniya, aksiyadorlarni uzoq muddatli istiqbolga ishonch bilan ta’minlab, to‘lovlarni prognozlashtirishga va muntazam ravishda amalga oshirishga intiladi.

Dividendlar to‘lash to‘g‘risidagi qaror Kuzatuv kengashi tavsiyasi asosida Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi. Bunda, auditorlik xulosasi bilan tasdiqlangan Kompaniyaning sof foydasi, moliyaviy rejalar, aylanma kapitali tuzilmasi va qarz yuklamasi darajasi hisobga olinadi. Kompaniya, bir vaqtning o‘zida rivojlanishni va aksiyalarning bozor qiymati oshishini ta’minlagan holda, dividendlarga sof foydaning kamida 30 foizini yo‘llantirishga intiladi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Kompaniya Ustavi va ichki normativ hujjatlar dividendlarni to‘lash tartibini belgilaydi. Dividendlar joylashtirilmagan aksiyalar, Kompaniyaning o‘ziga tegishli bo‘lgan aksiyalar uchun, shuningdek, qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa holatlarda hisoblanmaydi. Kompaniya aksiyadorlar oldidagi e’lon qilingan dividendlarni to‘lash bo‘yicha o‘zining majburiyatlarini bajarishga, shu jumladan barcha yondosh xarajatlar qoplanishiga javobgar hisoblanadi.

Kompaniya barqarorlik va to‘lovlarning oldindan ma’lum bo‘lishiga asoslanib, o‘z dividend siyosatini takomillashtirishni davom ettiradi. Foydani taqsimlash masalalarida shaffoflikni oshirish, shuningdek, kapital tuzilmasini optimallashtirish — ustuvor masalalardan biridir. Dividendlar to‘lovi investitsiyaviy dasturlar va operatsion faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi uchun uzoq muddatli moliyaviy rejalashtirishga e’tibor beriladi.

Kuzatuv kengashi

GRI 2-12

“O‘zbektelekom” AK Kuzatuv kengashi Kompaniya faoliyati ustidan umumiy boshqaruvni amalga oshiradi (Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi va ijro organi vakolatiga kiritilgan masalalar bundan mustasno).

Uning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Kompaniya Ustavi, shuningdek, Korporativ boshqaruv kodeksi bilan tartibga solinadi.

“O‘zbektelekom” AK Kuzatuv kengashi samarali korporativ boshqaruv va nazoratni ta’minlab, Kompaniyani strategik boshqarishda asosiy rol o‘ynaydi. Kengash rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi, xalqaro boshqaruv va ichki nazorat standartlarini joriy etishga ko‘maklashadi, shuningdek, Kompaniya faoliyatining eng muhim masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladi. Uning vakolati doirasiga korporativ boshqaruv, moliyaviy rejalashtirish, xatarlarni boshqarish va aksiyadorlar bilan o‘zaro munosabatlar masalalari kiradi. Kengash jarayonlar shaffofligini ta’minlaydi, biznes-strategiyalar ijrosini nazorat qiladi, shuningdek, oliy rahbariyat darajasida kadrlar tayinlovini tartibga soladi. Bundan tashqari, u barqaror rivojlanish, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik sohasida korporativ siyosat shakllanishida qatnashadi, bu esa Kompaniya uzoq muddatli o‘sishi va barqarorligiga xizmat qiladi.

Kuzatuv kengashi a’zolarining tayinlanishi, ozod etilishi va vakolatlari bekor qilinishi

GRI 2-10

Kuzatuv kengashining tarkibi va tuzilmasi Kompaniya faoliyatining korporativ boshqaruvi, shaffofligi va uning ustidan mustaqil nazorat tamoyillarini inobatga olgan holda shakllantiriladi.

Kengash Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ovoz berish yo‘li bilan shakllanadi va cheksiz qayta saylanish imkoniyati bilan uch yil muddatga saylanadigan to‘qqiz nafar a’zodan iborat. Ijro organi a’zolari, Kompaniya, affillangan va shu’ba korxonalar xodimlari Kengash tarkibiga kiritilishi mumkin emas.

Korporativ boshqaruv darajasini oshirish va mustaqil nazoratni ta’minlash uchun Kompaniya aksiyalari birja varag‘iga kiritilishida Kengashning kamida bitta a’zosi mustaqil maqomga ega bo‘lishi lozim.

Kengashning mustaqil a’zosi quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:

  • keyingi uch yil davomida Kompaniya va uning affillangan tuzilmalari bilan mehnat yoki amaliy aloqalarning mavjud emasligi;
  • Kompaniya va u bilan bog‘liq tashkilot aksiyadori, ta’sischisi yoki ishtirokchisi maqomiga ega emasligi;
  • Kompaniya bilan tijorat munosabatlari mavjud emasligi, jumladan tovarlar yoki xizmatlar yetkazib berish borasida yirik kontraktlar tuzilmaganligi;
  • Kompaniya boshqaruvi va ichki nazorati organlari a’zolari bilan qarindoshlik aloqalari mavjud emasligi;
  • Davlat boshqaruvi organlari yoki davlat korxonalarida band emasligi.

Kuzatuv kengashi a’zolarining saylanishi kumulyativ ovoz berish tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi, bu nomzodlar o‘rtasida ovozlarning yanada adolatli taqsimlanishini ta’minlab, aksiyadorlarga Kompaniyaning strategik ustuvorliklarini inobatga olish imkonini beradi. Nomzodlarga qo‘shimcha talablar Kompaniya Ustavi yoki Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarorlari bilan belgilanishi mumkin.

“O‘zbektelekom” AK Kuzatuv kengashi faoliyatining mustaqilligi va shaffofligini ta’minlab, korporativ boshqaruvning ilg‘or standartlariga rioya etishga intiladi. Kuzatuv kengashi a’zolari Kompaniya faoliyati ustidan strategik kuzatuv va nazoratni amalga oshirish uchun barcha zaruriy vakolatga ega.

Kuzatuv kengashi a’zolari o‘z faoliyati doirasida quyidagi huquqlarga ega:

  • yig‘ilishlarda qatnashish, takliflar kiritish va Kompaniya rivojlanishining asosiy masalalari bo‘yicha ovoz berish;
  • Kompaniya faoliyati to‘g‘risidagi to‘liq, ishonchli va dolzarb axborot, jumladan moliyaviy va operatsion ko‘rsatkichlar, strategik tashabbuslar va biznes-rejalardan foydalana olish;
  • Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi qaroriga muvofiq, mukofot olish hamda majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq xarajatlar uchun kompensatsiya olish.

Kuzatuv kengashi a’zolarining majburiyatlari:

  • Kompaniyaning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi manfaatlari yo‘lida vijdonan, professional darajada harakat qilish.
  • qarorlar qabul qilish jarayonida shaffoflik, mustaqillik va axloq tamoyillariga rioya qilish;
  • manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatlarini chetlab o‘tish, bitimlardagi o‘z manfaatdorligi haqidagi axborotni o‘z vaqtida oshkor qilish va tegishli masalalar yuzasidan ovoz berishdan tiyilish;
  • Xizmat maqomidan va insayder axborotidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida yoki Kompaniyaga zarar keltirgan holda foydalanmaslik.

Kuzatuv kengashi tarkibi

Shermatov Sherzod Xotamovich

Kuzatuv kengashi raisi

Tug‘ilgan yili:

1977

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

01.03.2022

Ma’lumoti:

  • 1998-y. — Toshkent davlat texnika universiteti
  • 2000-y. — Yel universiteti

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2018–2021-yy. — O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri
  • 2021-y. — O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

Pekos Oleg Andreyevich

Kuzatuv kengashi a’zosi

Tug‘ilgan yili:

1988

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

01.03.2022

Ma’lumoti:

  • 2011-y. — Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universiteti

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2020-yildan — hozirgi vaqtga qadar — O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari

Adamas Ilkyavichus

Kuzatuv kengashi a’zosi

Tug‘ilgan yili:

1975

Fuqaroligi:

Litva

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

01.11.2024

Ma’lumoti:

  • 2000-y. — Isroil ochiq universiteti

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2021–2024-yy. — Katta ekspert-maslahatchi — islohotlar va sanoat transformatsiyasi, Jahon banki
  • 2022–2024-yy. — Islohotlar va DK (SOE) transformatsiyasi bo‘yicha katta maslahatchi, Jahon banki
  • 2023–2024-yy. — Katta konsultant, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi

Haydarov Abdulaziz Abdulahadovich

Kuzatuv kengashi a’zosi

Tug‘ilgan yili:

1982

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

01.11.2024

Ma’lumoti:

  • 1994-y. — Toshkent davlat universiteti
  • 1998-y. — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
  • 2001-y. — Yaponiya milliy siyosiy fanlar instituti

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2020–2023-yy. — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyt va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya fondi direktori
  • 2023- yildan — hozirgi vaqtga qadar — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining raisi

Hamrayev Umid Muhammadovich

Kuzatuv kengashi a’zosi

Tug‘ilgan yili:

1982

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

01.11.2024

Ma’lumoti:

  • 2005-y. — Soliq akademiyasi (bakalavr)
  • 2012-y. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (magistr)

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2021–2023-yy. — Moliya vazirligi, Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlash departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari — soliq-bojxona siyosati boshqarmasining boshlig‘i
  • 2023-y. — Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Investitsiyaviy iqlimni takomillashtirish va reytinglar boshqarmasi, reytinglar bo‘limi boshlig‘i
  • 2023-yildan — hozirgi vaqtga qadar — Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlash departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari — soliq-bojxona siyosati boshqarmasining boshlig‘i

Garet Devis

Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi

Tug‘ilgan yili:

1977

Fuqaroligi:

Buyuk Britaniya

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

01.11.2024

Ma’lumoti:

  • 1997–2000 — Elektronika va telekommunikatsiya muhandisi bakalavr darajasi Birmingem shahar universiteti, Buyuk Britaniya
  • 2012–2016 — Strategik boshqaruv sohasida amaliy ma’murchilik magistr darajasi (MBA)Aston universiteti, Birmingem, Buyuk Britaniya

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2019–2021 “Keng polosali aloqa” mahsuloti direktori, TalkTalk Group, Manchester, Buyuk Britaniya
  • 2021–2022 Rivojlanish bo‘yicha direktor, Lightspeed Broadband, Manchester, Buyuk Britaniya

Tobias de BONT

Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi

Tug‘ilgan yili:

1975

Fuqaroligi:

Niderlandiya

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

01.11.2024

Ma’lumoti:

  • 1995–2004 — Huquq va iqtisodiyot sohasida diplom Rotterdam Erazm universiteti, Rotterdam, Niderlandiya
  • 2019–2021 — Amaliy ma’murchilik magistri darajasi Xalt xalqaro biznes-maktabi, London, Buyuk Britaniya

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2016 — h.v.q. — Biznes egasi, Bosh direktor, AGILARO — DBCG, Amsterdam, Niderlandiya va London, Buyuk Britaniya
  • 2019–h.v.q. — Bosh direktor, Stern Telecom BV, Xufdorp, Niderlandiya
  • 2022–h.v.q. — Tijorat direktori, Sky Business, London, Buyuk Britaniya
  • 2024 — h.v.q. — Tijorat direktori TMI, Amsterdam, Niderlandiya

Mehmet Ekinalan

Kuzatuv kengashi a’zosi

Tug‘ilgan yili:

1961

Fuqaroligi:

Turkiya

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

01.03.2022

Ma’lumoti:

  • 1984-y. — Karadeniz Texnik universiteti
  • 1989-y. — Butunjahon dengiz universiteti

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2011-yildan — hozirgi vaqtga qadar — Amerikaning “Valero Energy” kompaniyasining mintaqaviy menejeri

Ishanxodjayev Asror Aslanovich

Kuzatuv kengashi a’zosi

Tug‘ilgan yili:

1960

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

03.09.2018

Ma’lumoti:

  • 1983-y. — Toshkent aloqa elektrotexnika instituti

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2020-yildan — hozirgi vaqtga qadar — Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining raisi

Akixiro Sakurai

Kuzatuv kengashi a’zosi

Tug‘ilgan yili:

1964

Fuqaroligi:

Yaponiya

Kuzatuv kengashidagi tayinlanish sanasi:

01.11.2024

Ma’lumoti:

  • 1986-y. — Aoyama Gakuin universiteti
  • 1992-y. — Sony universiteti (MBA mini darajasi)

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2019 — 2023-yy. — Katta Vitse-prezident, KMD, Kopengagen, Daniya
  • 2023 – 2024-yy. — Executive Professional, NEC Corporation, Tokio, Yaponiya
  • 2024 – yildan — hozirgi vaqtga qadar — O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining maslahatchisi

Kuzatuv kengashi huzuridagi qo‘mitalar

Boshqaruv hamda qarorlar qabul qilish samaradorligini oshirish, shuningdek, audit, kompensatsiyalar, strategiya va investitsiya kabi asosiy masalalarni batafsil ko‘rib chiqish maqsadida, Kompaniyada ixtisoslashtirilgan qo‘mitalar tashkil etilgan.

Ular boshqaruv funksiyalarini qayta taqsimlash, muhim mavzularni chuqur tahlil qilish va nazorat hamda strategik boshqaruvning yuqoriroq darajasini ta’minlash imkonini beradi.

“O‘zbektelekom” AKning korporativ boshqaruv tuzilmasida quyidagi qo‘mitalar faoliyat yuritadi:

Audit qo‘mitasi

moliyaviy hisobdorlik, ichki audit va xatarlarni boshqarish tizimi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Tayinlash va mukofotlash qo‘mitasi

kadrlar siyosati, rahbarlikning samaradorligini baholash va motivatsiya tizimini ishlab chiqish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Strategiya va investitsiyalar bo‘yicha qo‘mita

Kompaniyaning strategik rivojlanishini shakllantirish va investitsiya loyihalarini baholash uchun mas’ul.

Korrupsiyaga qarshi kurash va etika qo‘mitasi.

Audit qo‘mitasi

Qo‘mitaning asosiy maqsadlari quyidagilardir:

  • Kompaniya faoliyatining barcha jihatlari bo‘yicha xatarlarni boshqarish, ichki nazorat va korporativ boshqaruv tizimlarining adekvatligi va samaradorligini mustaqil, xolis baholash;
  • tashqi va ichki audit mustaqilligi ustidan nazorat;
  • Kompaniyada korporativ boshqaruvni Qo‘mita yig‘ilishlarida taqdim etilgan masalalar ko‘rib chiqilishi natijalariga ko‘ra takliflar ishlab chiqish yo‘li bilan takomillashtirish.

Qo‘mita buxgalteriya hisobdorligining to‘liqligi va haqqoniyligi, hisob siyosati va asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlar ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek, tashqi auditorlarni tanlash va baholashda qatnashadi. Uning vakolatiga ichki va tashqi audit ustidan kuzatuv, Kompaniya faoliyatini yaxshilash bo‘yicha hisobot va tavsiyalarni ko‘rib chiqish kiradi. Bundan tashqari, ichki nazorat tizimini, xatarlarni boshqarishni va axborot siyosatiga rioya etilishini tahlil qilib, auditorlik jarayonlarining shaffofligi va mustaqilligini ta’minlaydi.

Tayinlash va mukofotlash qo‘mitasi

Qo‘mitaning asosiy maqsadlari quyidagilardir:

  • korporativ boshqaruv tamoyillariga muvofiq kadrlar masalalari va rahbarlarni mukofotlashni samarali boshqarishni ta’minlash;
  • Kuzatuv kengashiga Kompaniya rahbarlarini saralash, baholash va motivatsiyalashning samarali tizimini shakllantirishda ko‘maklashish;
  • Kompaniya rahbarlarini tayinlash, kasbiy rivojlantirish va mukofotlash masalalari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
  • mukofotlash tizimining shaffofligi va ilg‘or amaliyotlarga hamda Kompaniyaning moliyaviy imkoniyatlariga muvofiqligini ta’minlash.

Qo‘mita rahbarlik pozitsiyalarga nomzodlarni saralash va baholash bo‘yicha takliflarni tayyorlashni amalga oshiradi, shuningdek, Kompaniyaning uzoq muddatli rivojlanishiga yo‘naltirilgan mukofotlash tamoyillarini ishlab chiqadi. Uning vakolatiga ijro organi va kadrlar bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorlik, nomzodlarni dastlabki baholash, ularning malakasini tekshirish, shuningdek, mavjud motivatsiya tizimining samaradorligini monitoring qilish kiradi.

Bundan tashqari, Qo‘mita mukofotlash siyosatining bozor sharoitlariga va Kompaniya strategiyasiga muvofiqligini nazorat qilib, kadrlar sohasida qarorlar qabul qilish jarayonining shaffofligi va adolatliligini ta’minlaydi.

Strategiya va investitsiyalar qo‘mitasi

Qo‘mita strategik, moliyaviy va korporativ masalalarni dastlabki ko‘rib chiqish, jumladan strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirilishini nazorat qilish, faoliyat samaradorligini baholash, foydani taqsimlash, boshqa tashkilotlarda qatnashish, shuningdek, shu’ba va aloqador Kompaniyalarni boshqarish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, u yirik bitimlarni tasdiqlash, ustav kapitalini va tashkiliy tuzilmani o‘zgartirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi, shuningdek, Kompaniyaning yillik hisobotiga kiritish uchun o‘z faoliyati haqida hisobot tayyorlaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qo‘mitasi

Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qo‘mitasi Kompaniyaning Xatti-harakatlar va axloq kodeksiga, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi siyosatiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Qo‘mitaning maqsadlari va vazifalari:

  • xalqaro standartlar asosida korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimini joriy etish va nazorat qilish;
  • Kompaniyaning barcha xodimlari, jumladan rahbariyat tomonidan Ishbilarnonlik va axloq kodeksi va Korrupsiyaga qarshi siyosatga rioya etilishining monitoringini amalga oshirish;
  • Kompaniyaning ishbilarmonlik obro‘sini oshirish va axloqiy standartlarni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar va takliflarni ishlab chiqish;
  • Kompaniya xodimlari va rahbariyati o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish.

Qo‘mita faoliyati ishbilarmonlik etikasining yuksak darajasini ta’minlashga, korrupsiyaviy xatarlarni istisno qilishga va aksiyadorlar, hamkorlar hamda umuman jamiyatning ishonchini oshirishga qaratilgan.

Yuqori rahbarlik organi faoliyatining samaradorligini baholash

Kompaniyaning korporativ boshqaruv tizimi Kuzatuv kengashi va uning a’zolari faoliyatini muntazam baholab borishni, jumladan strategik maqsadlarni amlaga oshirishdagi ularning hissalarini, axloq tamoyillariga rioya etilishi va mustaqillikni, shuningdek, Kengash faoliyatidagi ishtirokining tahlilini ko‘zda tutadi.

Korporativ boshqaruv kodeksi va Kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq, 2023-yilda Kompaniya korporativ boshqaruv tizimining mustaqil baholanishi o‘tkazildi. Audit “F-PLUS AUDIT” MChJ tomonidan amalga oshirildi va korporativ boshqaruvning asosiy jihatlarining kompleks tahlilini o‘z ichiga oldi. 2023-yil oxirida “F-PLUS AUDIT” MChJ mustaqil baholash tashkiloti tomonidan baholash o‘tkazdi, uning natijalariga ko‘ra, 672 ball (56 %) berildi.

2024-yilda ushbu tashkilot tomonidan takroran baholash ishlari o‘tkazdi va uning davomida 700 ball (58%) to‘plandi. Bu natija “Yuqori” daraja sifatida ham tasniflandi.

Audit doirasida boshqaruv jarayonlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ham berildi.

Baholash uslubiyoti belgilangan shkalaga asoslandi:

  • Yuqori samaradorlik — 600 ball va undan yuqori;
  • Qoniqarli samaradorlik — 0 dan 600 ballgacha;
  • Past samaradorlik — -600 dan 0 ballgacha;
  • Qoniqarsiz samaradorlik — -600 balldan past.

Mustaqil baholash natijalari “O‘zbektelekom” AKning shaffoflik, hisobdorlik va barqaror rivojlanish tamoyillariga rioya qilish tarafdoriligini tasdiqlaydi, shuningdek, korporativ boshqaruvni xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Boshqaruv

Ijro organi

Kompaniyaning joriy faoliyatini boshqarish kollegial ijro organi — boshqaruv raisi rahbarligida ish yurituvchi boshqaruv tomonidan amalga oshiriladi. Boshqaruv operatsion boshqarish, oldinga qo‘yilgan maqsadlar bajarilishi ustidan nazorat va Kompaniyaning asosiy tashabbuslarini amalga oshirish uchun mas’uldir.

Boshqaruv Konstitutsiya va O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga, davlat organlarining normativ-huquqiy hujjatlariga, Kompaniya Ustaviga, shuningdek, tartibga soluvchi ichki hujjatlarga asoslangan holda faoliyat yuritadi.

Boshqaruv tarkibiga quyidagilar kiradi:

  • Boshqaruv raisi;
  • Boshqaruv raisining transformatsiya, texnik ekspluatatsiya va mahalliylashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari;
  • Boshqaruv raisining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Boshqaruv raisining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Boshqaruv raisining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlar bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Boshqaruv raisining axborot xavfsizligi va rejim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • asosiy tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari.

Boshqaruv a’zolari uch yilga saylanadi va belgilangan tartib-taomillarga muvofiq tasdiqlanadi.

Boshqaruvning asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat:

  • davlat siyosati va tarmoq dasturlarining ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda Kompaniya barqaror rivojlanishini ta’minlash;
  • o‘rta muddatli va uzoq muddatli modernizatsiya, raqamlashtirish va operatsion samaradorlikni oshirish dasturlari, jumladan biznes-jarayonlarni avtomatlashtirish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • ilg‘or texnologik yechimlarni hisobga olgan holda ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish;
  • jihozlar va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini joriy etish, shuningdek, xomashyo va materiallar xaridini optimallashtirish;
  • investitsiyalar va moliyalashtirishni jalb qilish, investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirish ustidan nazorat;
  • xatarlarni, shu jumladan obro‘ga oid xatarlar va normativ talablarga rioya etish bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish;
  • ichki biznes-jarayonlarning samaradorligi va Kompaniyaning strategik qarorlari ijrosi ustidan nazorat.

Bundan tashqari, boshqaruv faoliyati Kompaniya faoliyati doirasida shaffoflik, korporativ boshqaruv va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga rioya etilishiga qaratilgan.

Boshqaruv tarkibi

Hasanov Nazirjon Nabijanovich

Boshqaruv raisi

Tug‘ilgan yili:

1970

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Boshqaruv tarkibidagi tayinlanish sanasi:

03.03.2023

Ma’lumoti:

  • 2002-y. — Toshkent elektrotexnika instituti
  • 2012-y. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi huzuridagi Oliy biznes maktabi

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2018–2023-yy. — “O‘zbektelekom” AK Bosh direktori
  • 2023-yildan — hozir vaqtga qadar — “O‘zbektelekom” AK boshqaruv raisi

Aripov Jahongir Abduhakimovich

Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari

Tug‘ilgan yili:

1982

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Boshqaruv tarkibidagi tayinlanish sanasi:

03.03.2023

Ma’lumoti:

  • 2003-y. — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
  • 2005-y. — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
  • 2014-y. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi huzuridagi Oliy biznes maktabi, biznes va boshqaruv (MVA)

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2019–2023-yy. — “O‘zbektelekom” AK bosh direktorining birinchi o‘rinbosari
  • 2023- yildan — hozir vaqtga qadar — “O‘zbektelekom” AK boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari

Toxtiyarov Akram Nurmaxamatovich

Boshqaruv raisining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari

Tug‘ilgan yili:

1982

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Boshqaruv tarkibidagi tayinlanish sanasi:

03.03.2023

Ma’lumoti:

  • 2004-y. — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
  • 2006-y. — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2020–2023-yy. — “O‘zbektelekom” AK bosh direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari
  • 2023-yildan — hozir vaqtga qadar — “O‘zbektelekom” AK boshqaruv raisining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari

Islamov Javlon Rasulovich

Boshqaruv raisining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

Tug‘ilgan yili:

1984

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Boshqaruv tarkibidagi tayinlanish sanasi:

02.12.2024

Ma’lumoti:

  • 2004-y. –Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
  • 2015-y. — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, menejment ixtisosligi bo‘yicha magistr darajasi

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2018–2024-yy. — “O‘zbektelekom” AK “O‘zMobayl” filiali direktorining o‘rinbosari
  • 2024-y. — “O‘zbektelekom” AK boshqaruv raisining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari

Berdiklichev Mardon Jahongirovich

Boshqaruv raisining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlar bo‘yicha o‘rinbosari

Tug‘ilgan yili:

1983

Fuqaroligi:

O‘zbekiston

Boshqaruv tarkibidagi tayinlanish sanasi:

02.12.2024

Ma’lumoti:

  • 2005-y. — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
  • 2019-y. — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti

Oxirgi besh yilda ishlagan joyi va tashkilotlardagi egallagan lavozimi:

  • 2019–2020-yy. — “O‘zbektelekom” AK davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlar bo‘yicha direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi
  • 2020–2023-yy. — “O‘zbektelekom” AK bosh direktorining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlar bo‘yicha o‘rinbosari
  • 2023-yildan — hozir vaqtga qadar — “O‘zbektelekom” AK boshqaruv raisining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlar bo‘yicha o‘rinbosari

keyingi bo'limga o'tish

Mukofotlash tizimi