Barqaror rivojlanish hisoboti / 2024

Boshqaruvga yondashuv

GRI 3-3, 2-23, 2-24, 2-30

“O‘zbektelekom” AK O‘zbekiston aholisiga keng raqamli imkoniyatlarni taqdim etib, telekommunikatsiya xizmatlari bozorida yetakchi maqomni egallab keladi. Kompaniya missiyasi — kundalik hayotni yaxshilashga va biznes samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi sifatli va qulay raqamli servislar bilan ta’minlab, shuning barobarida raqamli mahsulotlar va yechimlar ekotizimini rivojlantirishdir.

Kompaniya personalini boshqarish yuksak ijtimoiy va axloqiy standartlarga rioya etishga yo‘naltirilgan. Asosiy maqsad — ish joylarini xavfsiz va jozibali qilish. Eng muhim ta’sir sohalariga xodimlar salomatligi va xavfsizligi, personalni o‘qitish va rivojlantirish, korporativ madaniyat, inson huquqlari, shuningdek, tenglik va inklyuzivlik kiradi.

“O‘zbektelekom” AK mehnat resurslari, mehnatni muhofaza qilish sohsidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, shuningdek, ichki normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan quyidagilarga muvofiq kadrlarni boshqarish tizimini barpo etadi:

  • Yagona jamoa shartnomasi;
  • Kadrlar siyosati;
  • O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuni;
  • Ishbilarmonlik etikasi qoidalari;
  • Ish haqi to‘g‘risidagi nizom;
  • Ichki mehnat tartibi qoidalari;
  • Personalni boshqarish va o‘qitishni tashkil qilish taomili.

Kadrlar siyosatini amalga oshirishda Kompaniya ijtimoiy mas’uliyat, personalni boshqarish tizimining shaffofligi, mijozga yo‘nalganlik, individual javobgarlik, Kompaniya va xodimlar manfaatlari va maqsadlarining hamohangligi, shuningdek, personalning samaradorligini baholash tamoyillariga asoslanadi. Yagona jamoa shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sherikchilik to‘g‘risida”gi Qonunlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining, O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasining qarorlari, Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida qabul qilingan Bosh jamoaviy kelishuv va boshqa normativ-huquqiy aktlar asosida tuzilgan.

Kompaniya, ilg‘or mahalliy va xorijiy yutuqlarni inobatga olgan holda, zamonaviy boshqaruv va IT-texnologiyalarni rivojlantiradi va tatbiq etadi hamda bu bilimlarni personalni boshqarish tizimining quyidagi jarayonlarida qo‘llaydi:

Personalni rejalashtirish, saralash va joy-joyiga qo‘yish;

Kadrlar ish yurituvi;

Personal samaradorligi va faoliyatini baholash;

Personalni motivatsiyalash;

Bilimlarni boshqarish;

Korporativ madaniyat.

2024-yilda bu boradagi ishlarning asosiy yo‘nalishlari:

  • Ekologik va ijtimoiy menejment tizimini ishlab chiqish, uning doirasida quyidagi normativ hujjatlar ishlab chiqildi:
  • Ijtimoiy moliyalashtirish sohasidagi siyosat;
  • Inson huquqlariga rioya qilish siyosati.
  • Ta’lim muassasalari va bandlik xizmatlari bilan bevosita kontaktlar o‘rnatilishi;
  • Kompaniyada nomenklaturaviy lavozimlarni egallagan xodimlar attestatsiyasini tashkil etish, ularni attestatsiya tartibi bilan tanishtirish, natijalar tahlilida qatnashish va attestatsiya komissiyasi qarorlarini bajarish;
  • Xodimlarni ijtimoiy kafolatlar bilan ta’minlashda belgilangan me’yorlarga rioya etilishi, ishdan bo‘shatilgan xodimlarning qayta ishga joylashuvini tashkil etish va ularga qonunchilikka muvofiq imtiyozlar hamda kompensatsiyalar taqdim etish ustidan nazorat;
  • Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va kasb-hunar kollejlari talabalari uchun stajirovkalar va diplomoldi amaliyotlarini tashkil etish;
  • Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining sirtqi va kechki ta’lim shakliga o‘qishga kiradiganlar uchun suhbatlar o‘tkazish;
  • Maqsadli dasturlar asosida o‘qiyotgan talabalar masalalari bo‘yicha M.A.Bonch-Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universiteti bilan o‘zaro hamkorlik.

GRI 2-30

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq, ish beruvchi va ishchilar o‘rtasida jamoaviy shartnomaning tuzilishi majburiy talab sanalmaydi, balki ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi (2023-yid 30-apreldagi tahrir)ning 468-moddasida bevosita belgilab qo‘yilgan.

Shuni inobatga olgan holda, Kompaniyada xodimlarni jamoaviy shartnoma bilan qamrab olish mehnat jamoasi va/yoki kasaba uyushmasi tashkiloti tomonidan tashabbus mavjudligiga qarab, shakllanadi. Qator filiallar va tarkibiy bo‘linmalarda jamoaviy shartnomalar bunday tashabbus mavjud emasligi tufayli tuzilmadi va bu jamoaviy kelishuvlar bilan qamrab olingan xodimlar ulushiga ta’sir ko‘rsatadi.

Jamoaviy shartnoma bilan qamrab olingan xodimlar ulushi 2024-yilda 91 % ni tashkil qiladi (2021-2023-yillarda — 100%).

Oldingi hisobot davri bilan solishtirganda, jamoaviy shartnomalar bilan qamrab olingan xodimlar ulushi tarkibiy birliklar qayta taqsimlangani, shuningdek, ayrim kelishuvlarning amal qilish muddati tugab, qayta uzaytirilmaganligi tufayli o‘zgardi.

Bunda, Kompaniya ijtimoiy muloqot tamoyillariga moyilligini saqlab qoladi va xodimlar tomonidan tegishlicha so‘rov bo‘lganda, jamoaviy shartnomalar tuzishga ochiqdir.

keyingi bo'limga o'tish

Bandlik