Barqaror rivojlanish hisoboti / 2024

Mukofotlash tizimi

GRI 2-19, 2-20, 2-21

“O‘zbektelekom” AKda amal qilayotgan mukofotlash tizimi korporativ boshqaruvning malakali mutaxassislarni jalb qilib, ularni ushlab qolishni ta’minlovchi asosiy elementlaridan biridir. Uni amalga oshirishda mexanizmlar shaffofligiga va xalqaro standartlarga muvofiqlikka alohida e’tibor beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va farmonlari, shuningdek, yuqori turuvchi organlarning topshiriqlari ijrosi doirasida, KPI ko‘rsatkichlari aniqlandi:

  1. Boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-martdagi “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-49-son Farmoni asosida.
  2. Direktorlar va direktor o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlar, bog‘lamalar boshliqlari va hududiy menejerlar, shuningdek, bosh yoki yetakchi muhandislar, Kompaniya tarkibidagi filiallarning Budjetni rejalashtirish xizmatlari/bo‘limlari boshliqlari uchun Kompaniyaning maqsadli strategiyasiga muvofiq, masalan, daromad, rivojlanish, aloqa sifati (Kompaniyaning 2025-yil 7-yanvardagi 6-son buyrug‘i).
  3. Departamentlar direktorlari, boshqarmalar, ijroiya apparatining xizmat va bo‘lim boshliqlari uchun Kompaniyaning maqsadli strategiyasiga muvofiq, masalan, daromad, rivojlanish, aloqa sifati (Kompaniyaning 2025-yil 7-yanvardagi 6-son buyrug‘i).
  1. Hududiy filiallar va Markaziy filialning Telekommunikatsiya tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish bo‘limlari, Liniya-kabel xo‘jaligi va Joriy ta’mir va avariya-tiklash ishlari brigadalari xodimlari (liniyalarga xizmat ko‘rsatuvchi elektr montajchilar) uchun — sotuvlarda qatnashganlik uchun bonuslar (Kompaniyaning 2025-yil 29-yanvardagi 49-son buyrug‘i).
  2. “O‘zMobayl” filialidan hududiy filiallarga va Markaziy filialga o‘tgan, B2B va B2C yo‘nalishlarida ishlovchi tijorat personali xodimlari uchun (Kompaniyaning 2025-yil 10-fevraldagi 65-son buyrug‘i).
  3. Sharqiy va G‘arbiy filiallarning direktorlari va direktor o‘rinbosarlari, bosh buxgalterlari, hududiy menejerlari, shuningdek, bosh muhandislari, budjetni rejalashtirish xizmatlari/bo‘limlarining boshliqlari uchun (Kompaniyaning 2025-yil 27-martdagi 137-son buyrug‘i).

Kuzatuv kengashi a’zolarini mukofotlash

“O‘zbektelekom” AK Kuzatuv kengashi a’zolarini mukofotlash Kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi ichki Nizom bilan tartibga solinadi va ularning Kompaniyaning strategik boshqaruviga jalb qilinganligini, javobgarligini va unda samarali qatnashishini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Mukofotlash tizimi bir nechta elementlarni o‘z ichiga oladi va shaffoflik, xolislik va korporativ maqsadlarga muvofiqlik tamoyillariga asoslangan. Asosiy komponent bo‘lib, yig‘ilishlarda qatnashganlik va o‘z majburiyatlarini vijdonan bajarganlik uchun to‘lanadigan qat’iy mukofot hisoblanadi. Qat’iy mukofot miqdori O‘zbekiston Respublikasida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM)dan kelib chiqib hisoblanadi va to‘lov sanasiga 80 ta MHTEKMni tashkil qiladi.

Yillik mustaqil baholashda korporativ boshqaruv va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalari qoniqarli yoki yuqori deb e’tirof etilsa, Kuzatuv kengashi a’zolari qo‘shimcha ravishda mukofot oladilar. Uning miqdori ichki reglament qoidalariga muvofiq aniqlanadi va erishilgan boshqaruv samaradorligidan kelib chiqib tasdiqlanadi.

Boshqaruv a’zolarini mukofotlash

“O‘zbektelekom” AK boshqaruvi a’zolarini mukofotlash tizimi korporativ boshqaruvning eng yaxshi amaliyotlarini inobatga olgan holda qurilgan va Kompaniyaning strategik maqsadlariga erishishga yo‘naltirilgan. Mukofotlash qat’iy qismni, o‘zgaruvchan to‘lovlarni, shuningdek, ijtimoiy kompensatsiyalar va imtiyozlarni o‘z ichiga oladi.

Asosiy element bo‘lib, qat’iy mukofot hisoblanadi, u boshqaruvning har bir a’zosining malakasi, boshqaruv tajribasi va javobgarlik darajasini inobatga olgan holda belgilanadi. To‘lov har oy amalga oshiriladi va yalpi daromadning barqaror tarkibiy qismi sanaladi.

O‘zgaruvchan qism Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI)ga erishish natijalariga ko‘ra hisoblanadigan mukofot to‘lovlaridan iborat. Mukofotlar moliyaviy va operatsion vazifalar bajarilishi, shuningdek, strategik tashabbuslar bo‘yicha ilgarilash inobatga olingan holda shakllantiriladi.

Qo‘shimcha ravishda kompensatsiya va imtiyozlar, jumladan tibbiy xizmatga xarajatlarning qoplanishi, kasbiy takomillashuv, xizmat transporti va xizmat safarlari ko‘zda tutilgan.

Mukofotni belgilash va qayta ko‘rib chiqish taomili qat’iy tartibga solingan va faoliyat samaradorligini baholash natijalariga asoslanadi, bu qabul qilinadigan qarorlarning shaffofligi va asosli bo‘lishini ta’minlaydi.

Mukofotlash tizimida shaffoflik va hisobdorlik

“O‘zbektelekom” AK mukofotlash tizimini boshqarishda shaffoflik va hisobdorlik tamoyillariga rioya qiladi. To‘lovlar shartlari va miqdorlariga oid barcha o‘zgarishlar, jumladan milliy qonunchilik va xalqaro korporativ boshqaruv standartlari talablariga muvofiq oshkor etiladigan ma’lumotlar tegishlicha hujjatlashtiriladi va Kompaniyaning yillik hisobotida aks ettiriladi.

Mukofotlash tizimi asosiy boshqaruv shaxslarining barqaror va uzoq muddatli natijalarga erishishga jalb qilinganligini va bunga mas’ulligini mustahkamlashga qaratilgan.

keyingi bo'limga o'tish

Barqaror rivojlanish masalalarini boshqarish tizimi va 2024-yil natijalari